Oxirgi 10 yil ichida dunyoning ko’plab davlatlarida rahbar
lavozimlarni xotin-qizlar egallay boshladi. Shunday bo’lsada, ko’pchilik
nazarida siyosiy doiralarda ayollar hamon kamchilik va hali-beri bu borada
erkaklar bilan tenglasha olmaydi.
1998 yildan beri Shveytsariya, Panama, Latviya, Chili,
Bermuda, Germaniya va boshqa davlatlarda ayol kishi prezident yoki bosh vazir
etib saylangan. Xotin-qizlar hukumat idoralarida yuqori lavozimlarni egallay
boshlagan.
Ayol qonunchilar soni bo’yicha Ruanda oldinda –
parlamentdagi 48 foiz o’rin xotin-qizlar qo’lida. Keyingi o’rinlarda Shvetsiya
(47 foiz) va Kuba (43 foiz) bormoqda.
Biroq umumiy hisobda qonunchi qiz-juvonlar soni 18 foiz
atrofida. Odamlar eski qarash va urf-odatlar doirasidan chiqib fikrlay
olmayapti deydi Xalqaro Aloqalar bo’yicha Institut mutaxassisi Kristin
Xaffert.
”Qayerga bormang, jinsiy tengsizlikni ko’rasiz. Ayollarni
tashqi ko’rinishiga qarab baholashadi. Odamlar erkak va ayol siyosatchilarga
turlicha munosabatda. Ko’pincha ayollarga qo’yiladigan talab va shartlar
yuqori.”
Mana shu xildagi tekshir-tekshirga yo’liqqan malakali
ayollar o’ziga ishonmay qo’yadi, boshqa siyosatchilar bilan teng ekaniga
shubhalana boshlaydi. Kristin Xaffert boshqa to’siqlar ham bor deydi.
”Qaysi mamlakatda bo’lishidan qat’iy nazar xotin-qizlarni yo
oilasi, yo siyosiy partiyalar doim ham qo’llab-quvvatlamaydi. Ular moliyaviy
yordam topishga qiynaladi. O’z kuchiga bo’lgan ishonch ham muhim, menimcha.
Xotin-qizlar erkaklar kabi siyosatga boshi bilan sho’ng’ib keta olmaydi.
Ko’pincha oila va siyosat o’rtasida tanlay olmay ikkilanadi.”
Turli tadqiqot natijalariga ko’ra, ayollar siyosiy lavozim
uchun kurashishga u qadar moyil emas. Siyosiy fanlar bo’yicha olima Jenifer
Loles 2001 yildan beri 4 mingdan ziyod ayolning fikrini o’rgangan.
”2001 yilgi natijalarni olsak, erkaklar siyosiy poygaga
ko’proq ishtiyoqmand, ularning ko’rsatkichi ayollarga qaraganda 20 foiz yuqori.
2008 yilgi raqamlar ham deyarli xuddi shu. Qizig’i shundaki, ayollar va
erkaklar siyosiy jarayonni birday qiziqish bilan kuzatadi, bilimi ham teng.
Biroq siyosiy sahnaga chiqishga kelganda ayollar o’zini chetga tortadi.”
Vashingtondagi Ayollar va Siyosat Instituti mutaxassisi Sara
Bruer dunyoda ayol rahbarlar yetishmaydi deydi.
”Eng tashvishli tomoni shuki, bugun ayollar erkin va teng
jamiyatda o’sib-ulg’aysa-da, siyosiy jihatdan faol bo’lishga, siyosiy lavozimlarni
egallashga qiziqmaydi. Hatto 40 yil oldin xotin-qizlarning ishtiyoqi balandroq
edi.”
Ko’pchilik ekspertlar xotin-qizlarning faolligini oshirish
va kelajak rahbarlar uchun zamin hozirlash kerak degan fikrda. Braun
Universiteti xodimasi Jennifer Loless nazarida jamiyatning dunyoqarashini
o’zgartirish kerak.
”Mehnatni taqsimlashda hali ham an’anaviy yondashuvni
ko’rasiz. Siyosiy sahnada ham shu – erkak kishi yuqori lavozim uchun kurashar
ekan, bor e’tiborini mana shunga qaratadi. Ayol kishi siyosatga kirmoqchi
bo’lsa, ham oilaviy majburiyatlarini, ham siyosiy vazifalarini birga olib
borishga majbur.”
Bugun ayollar jahon siyosatida shahdamroq harakat qila
boshlagan. Biroq ko’pchilik tahlilchilar fikriga ko’ra, tom ma’noda tenglik va
adolatni ta’minlash uchun ko’p ish qilinishi kerak.