Prezident Bush Afg’onistondagi AQSh qo’shini uchun iyun oyi
“og’ir keldi” demoqda. Biroq bu talofatlar oxir o’qibat o’zini oqlaydi deydi
Bush. NATOning Yevropadagi Bosh qo’mondoni general Jon Kreddok fikricha,
Afg’onistondagi askarlar qo’shimcha harbiy uskuna-yordamga muhtoj.
Bundan
tashqari, alyansga a’zo davlatlar harbiylarning xizmat maydoniga doir
cheklovlarni bekor qilsin deydi general.
AQSh admirali Mayk Mullen nazarida
Afg’onistondagi koalitsiya askarlari soni yetarli emas, ular Tolibonga bas
kelmasligi mumkin. Prezident Bush joriy yil oxirigacha Afg’onistonga qo’shimcha
harbiy jo’natishga va’da bermoqda.
Bushning aytishicha, o’tgan oy Afg’onistondagi koalitsiya qo’shini uchun mashaqqatli
davr bo’ldi. Biroq Tolibon safida ham talofatlar kam emas.
Vashington boshqa davlatlarni ham jangda faolroq
qatnashishga chaqirib keladi. Fransiya va Buyuk Britaniya bu da’vatlarga
ko’nib, Afg’onistonga ko’proq askar safarbar etishga so’z bermoqda.
Hozir mamlakatda 32 ming amerikalik askar bor. Bush 2009
yilda qo’shimcha zobit jo’nataman demoqda. Bir qismi shu yilning o’zidayoq
Afg’onistonga yo’l oladi.
AQSh admirali Mayk Mullen so’zlariga ko’ra, Tolibondan tozalangan hududni
himoya qilish uchun askarlar yetmayapti. NATO davlatlari yuborgan qo’shin ko’p
hollarda xavfli hududlarga yo’lamaydi. Amerika zudlik bilan qo’shimcha askar
jo’natishi kerak deydi u.
Admiralning aytishicha, Iroqda ijobiy o’zgarishlar bor, yil
oxirigacha u yerni epaqaga keltirgach, bor e’tiborni Afg’onistonga qaratish
mumkin.
O’tgan hafta Pokiston hukumati Afg’oniston bilan chegarada
Tolibonga qarshi yirik operatsiya boshladi. AQSh admirali bu qarordan mamnunmiz
deydi.