 |
| Kapitoliy, Vashington |
AQShda
sobiq davlat kotiblari, ya’ni o’tmishda tashqi ishlar vazirlari bo’lgan ikki
arbob - Jeyms Beyker (James Baker) va Vorren Kristofer (Warren Christopher) Kongressdan prezidentning urush e’lon
qilish vakolatlarini cheklashni so’ramoqda. Toki, deydi ular, prezident urush
boshlash yoki unda qatnashish uchun qonunchilardan ruxsat so’rasin va Kongress
buni kamida bir oy ko’rib chiqsin.
Jeyms Beyker amaldagi respublikachi
prezidentning otasi - keksa Jorj Bush davrida, Vorren Kristofer esa demokrat
Bill Klinton rahbarlik paytida tashqi siyosat uchun mas’ul rasmiylar bo’lgan.
Urush vakolatlari haqidagi rezolyutsiya AQSh Kongressi
tomonidan 1973 yilda, Vyetnam urushi yakunida, qabul qilingan. Amerika qonunchilik organi prezidentlar xalq
ruxsatisiz urush ochishni bas qilsin deya yangi qonuniy talablar qo’ygan
o’shanda. Toki, degan ular, Oq Uy Kongress bilan maslahatlashsin. Ushbu qonun,
deydi ayrim xizmat ko’rsatgan arboblar, samara bermayapti.
Rezolyutsiya yangilansin deydi Jeyms Beyker.
 |
Jeyms Beyker firkicha prezident Kongress tasdig'isiz urush e'lon qilmasligi lozim
|
“Amerika demokratiyasini qonun ustuvorligi tebratadi. Lekin
urush bilan bog’liq qarorlar qonun chetlab o’tilgan holda qabul qilinar ekan,
davlatchilikning muhim tamoyillaridan biri xavf ostida”.
AQShning ikki sobiq davlat kotibi maxsus komissiya tuzib, masalani bir yil
o’rganib chiqdi. AQSh prezidenti, deydi ular, urush e’lon qilishdan oldin
Kongressning iznidan o’tsin, qaror tasdiqlansin.
Konstitutsiyasiga ko’ra, prezident - oliy qo’mondon, qurolli kuchlar uning
qo’lida. Kongress esa urushga pul ajratish va uni e’lon qilish vakolatiga ega.
Qizig’i shundaki, Kongress 1941 yildan beri urush e’lon qilmagan.
Taklif qilinayotgan yangi qonunga ko’ra, prezident qo’shinni bir haftadan ortiq
muddatga biror joyga safarbar etmoqchi bo’lsa, Kongressdan ruxsat olishi shart.
Kongressda urush masalasi uchun mas’ul qo’mita ham joriy etilsin deydi Vorren
Kristofer.
Har qanday mojaroga aralashish yoki urushda qatnashish taklifi qonunchilar
tomonidan kamida bir oy muhokama qilinsin deydi arbob.
 |
Vorren Kristofer nazarida prezident qo'shinni biror joyga yoki maqsadda bir haftadan ortiq muddatga safarbar etmoqchi bo'lsa, avval Kongressdan ruxsat olishi zarur.
|
"Bu juda zarur qonun. Kongress a’zolari prezident bilan bir davrada o’tirib,
urushga borish yoki bormaslikni muhokama qila olsin. Qonunchilarimiz buning
uchun zarur barcha resurs, razvedka ma’lumotlari va vositalarga ega
bo’lsin", - deydi Kristofer.
Amerika Afg’oniston va Iroqda urushni davom ettirarkan, Vashingtonda “Eron
bilan nima qilamiz”? - deya o’ylanayotgan rasmiylar bor.
Beyker va Kristofer muhokamadagi qonun loyihasi bular bilan
bog’liq emas deydi, ammo Bush ma’muriyati Iroqqa shoshib urush ochganlikda
tanqid qilinadi. Urush xatolarni kechirmaydi deydi keksa diplomatlar. Ular
nazarida tinch kelajak va to’g’ri qarorlar qabul qilish uchun zamin
hozirlanishi kerak.