Yaqinda Yevropada Xavfsizlik va
Hamkorlik Tashkilotining Qozog`istonda o`tgan forumida jurnalistlar erkinligini himoyalashga qaratilgan
deklaratsiya qabul qilingan edi.
Mazkur deklaratsiyada ta`kidlanishicha, “Assambleya barcha
ishtirokchi davlatlarni jurnalistlarning qasos olish yoki
repressiyaga uchrash tahdididan qo’rqmasdan, o`z vazifalarini bajarishi
uchun imkoniyat yaratib berishga chaqiradi. Assambleya jurnalistlarning surishtiruv
o`tkazish huquqini, har qanday harakatlar, shuningdek, davlat organlari
tomonidan yo`l qo`yilgan suiste’molliklar haqida ham yozish huquqlarini
e`tirof etadi”.
Sharhlovchilar qoraqalpog'istonlik jurnalist Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishini
mustaqil kasbiy faoliyat uchun qasos, repressiya tahdidi sifatida
baholamoqda.
Avval “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiosi bilan hamkorlik
qilgan Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog`istondan turib “Uznews.net” axborot agentligiga muxbirlik qilayotgan edi.
Uning ukasi va advokati Bahrom Abdurahmonovning aytishicha,
jurnalistning soxta ayblar bilan hibsga olinishi shu faoliyat bilan bog`liq. Tergov
jarayonida hibsga olishga asos bergan giyohvand moddalar tilga
olinmagan. Jurnalistdan musodara qilingan materiallar
o`rganilmoqda.
“Hozir audiomateriallarni eshitish jarayoni ketayapti.
Narkotik modda faqat materiallarni qo`lga kiritish uchun xizmat qilgan. Ular
davlatga qarshi jinoyatlar bor-yo’qligini aniqlashga harakat qilmoqda.
Hammasini bitta “delo” qilib tikkach, keyinchalik tegishli joyga yuborishsa
kerak”, - deydi Abdurahmonov.
Uning aytishicha, jurnalist davlatga
qarshi jinoyatda ayblanishi mumkin.
Mustaqil jurnalistlarga qarshi kurash mamlakatda davlat
targ`iboti darajasiga ko`tarilmoqda.
Viloyat televideniyelari “Ozodlik” radiosi jurnalistlariga
qarshi ishlangan ko`rsatuvni bir necha bor namoyish etgan. Yaqinda bu
ko`rsatuv respublika bo`ylab ham namoyish qilindi.
Ko`rsatuv jamoatchilik orasida ham muhokama qilinmoqda.
“Biz keyinchalik bu haqda surishtirdik. Ko'rsatuv boshida
kimlar turganini, aniq aytish mumkinki, hukumat tomonidan “Ozodlik” dagi
jurnalistlarni badnom qilish uchun maxsus uyushtirilgan zarba”, - deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.
Ko`rsatuv “Ozodlik” radiosida ishlovchi o'zbek
jurnalistlarining faoliyatini qoralaydi va ularning oilalari haqida ham ma'lumotlar beradi.
Abdurahmon Tashanov fikricha hukumatning o'zi jurnalistlarga bevosita tazyiq ko'rsatmayotgan bo'lsa-da, boshqa turdagi
bosimlar berilmoqda.
“Ularga jismonan tazyiq o`tkazish imkoniyati cheklangan. Ruhiy va
ma'naviy bosimlar kuzatilmoqda. Umuman, so`z erkinligini qadrlaydigan axborot
vositalariga nisbatan chiqishlar O`zbekistonda tabiiy bir hodisaga aylanmoqda”,
- deydi Tashanov.
O'zbekistonda “Ozodlik” radiosining vakolatxonasi bir necha yil avval yopilgan.