 |
Inson savdosi qurbonlarining aksariyati qiz-juvonlar
|
O’zbekistonda, hukumat berayotgan ma’lumotlarga
ko’ra, o’tgan 3 yil ichida inson savdosi bilan bog’liq 700 dan ortiq jinoiy ish qo’zg’atilgan. Bugungi dunyoda
har yili qariyb 800 ming kishi qullikka sotiladi.
Muammoga qarshi keskinroq choralar
ko’rishga undayotgan Xalqaro Migratsiya Tashkiloti nazarida Markaziy Osiyo -
“inson bozori”. Bunga barham berish esa hukumatlar zimmasida.
Yiliga mintaqa davlatlaridan minglab qiz-juvonlar
g’arbu-sharqqa yolg’on va’dalar ostida olib ketiladi.
BMT va Xalqaro Migratsiya
Tashkilotining qayd etishicha inson savdosi hozir jahondagi eng yirik uyushgan
jinoyatchilik tizimi. Uni kim boshqarayotganini bilish qiyin, ammo tizim bir
necha qatlamdan iborat: chet elda ish bor deya odamlarni ishontirishga
urinayotganlar, buni hujjatlashtirib beruvchi firmalar, rasmiy yoki
jinoyatchilar, qiziqqan odamlardan yig’ilgan pulning huzurini ko’rayotganlar,
dallollar va hokazo.
“Inson savdosi negizida korrupsiya, mas’uliyatsizlik va
nochorlik yotadi”, - deydi Bermet Moldobayeva, Xalqaro Migratsiya
Tashkilotining Bishkekdagi xodimasi.
Texnologiya rivoji bilan, deydi mutaxassislar, odamlarni
bir davlatdan ikkinchisiga soxta hujjatlar bilan olib o’tish va qalbaki
ism-shariflar ostida noqonuniy ishlarga majburlash ham osonlashgan.
 |
Inson savdogarlari to'riga ilinayotganlarning ko'pi savodli odamlar - ishsizlik va imkoniyatsizlikdan qiynalib, nima qilib bol'sa-da xorijga chiqib olishga tayyor shaxslar
|
Imkoniyatlar cheklangan jamiyatda chet elga borib
ishlashni kim ham xohlamaydi. Mamlakatdan chiqib olsam bir ilojini topaman deya
yurganlar juda ko’p. "Inson savdogarlari uchun ularni bu jinoyat to’riga
ilintirish juda oson",- deydi Bermet Moldobayeva. "Bu to’rga ilinayotganlar orasida
savodli va oliy ma’lumotli insonlar ham bor. Qirg’izistonlik o’rta yoshli ayollarning
Dubaydek tijorat markazlariga fohisha sifatida yuborilayotgani ma’lum".
Mutaxassis nazarida hukumat inson savdosiga qarshi qanday
kurashayotgani haqida matbuotga va shu tariqa jamoatchilikka hisobot berib
turishi, jinoyatchilarni tutishda va aholi manfaatini himoya qilishda axborot
vositalari va matbuot yordamidan foydalanishi kerak. Avvalo xalqni bu jinoyat
turidan boxabar qilish kerak. Muammoni tan olish kerak. "Tergov va sud ishlari inson savdosi aybi asosida
boshlanib, oxir-oqibat ayblanuvchilar moliyaviy jinoyat qilgan yoki yolg’on
va’da bergan deb topilyapti. Qabih jinoyatlar nega yengil qilib
ko’rsatilayapti? Adliya tizimi nega inson savdosiga ko’z yummoqda? Hamma narsa
tizimning korrupsiyaga botib ketganida. Bo’lajak qullar – voyaga yetmagan
qizlar chegarama-chegara olib o’tilar ekan, nega ularni olib ketayotgan jinoiy
to’dalar tutilmayapti”?
 |
Mark Lagon AQSh Inson savdosiga qarshi idora rahbari
|
Xalqaro Migratsiya Tashkiloti Markaziy Osiyoning,
O’zbekistondan tashqari, barcha davlatlarida klinika va markazlar yuritadi.
Ular jabrdiydalarni aniqlab, tibbiy va ruhiy yordam ko’rsatadi. Maqsad odam
trafigi qurbonlarini normal hayotga qaytarish. 2007 yilda Qirg’izistonda 127
kishi qullikdan ozod etilgan.
O’tgan yillar ichida Osiyoning ko’plab davlatlarida,
jumladan Hindiston,
Malayziya va Tailandda o’zbekistonlik o’nlab xotin-qizlar
fohishalikda ayblanib, qamoqqa olingan va ko’pi hali ham panjara ortida.
Aksariyati xorijga qalbaki hujjat va ism-shariflar bilan chiqqan.
AQSh Inson savdosiga qarshi kurash idorasi rahbari Mark
Lagon fikricha Qozog’iston va O’zbekiston tegishli qonunlar qabul qilgan va
masalaga dolzarb muammo sifatida qaray boshlagan. “Ammo amalda unga nisbatan
samarali kurash ketayapti deya olmaymiz”,- deydi Mark Lagon.
“Inson savdosi chuqur ildiz otgan Rossiya ham bu illatga
xalqaro tashkilotlar muammosidek qarab keladi. Vaholanki hukumatlar unga qarshi
kurashuvchi mustahkam tizimlar yaratishi va ular uchun mablag’ ajratishi kerak.
Bu muammo avvalo mahalliy balo”,- deydi Mark Lagon.