O'zbekiston Oliy Majlisi qonunchilik
palatasi va Senat kengashi yaqinda nohukumat tashkilotlar faoliyatini
rivojlantirishga qaratilgan qo'shma qaror qabul qildi.
Qaror "Nodavlat notijorat
tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlashni
kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida" deb nomlangan.
Sharhlovchilar bu qarorning fuqaro
jamiyatini shakllantirishga xizmat qilishiga shubha bilan qaraydi.
Oliy
Majlis qarori nohukumat tashkilotlar faoliyatini rivojlantirish uchun jamg'arma
tuzish, u orqali tashkilotlarni moliyalash, ularga ijtimoiy buyurtmalar berish
hamda bu jarayonni nazorat qiluvchi parlament komissiyasi tuzishni maqsad
qiladi. Komissiyaga vazirliklar xodimlari, deputatlar va jamoatchilik vakillari
kiradi.
Sharhlovchilar
fikricha mazkur qaror nohukumat tashkilotlar faoliyati mutlaq davlat nazorati
ostida qolayotganidan darak beradi. Vazirliklar, deputatlar va hukumatga yoqqan
jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya ishidan fuqaro jamiyatini shakllantiruvchi
harakatlar kutish qiyin.
Fuqaro
jamiyati vakillariga ko'ra O'zbekistonda yuzlab nohukumat tashkilotlar yopilgan.
Jamiyatga emas, ko'proq hukumatga xizmat qiluvchi tashkilotlar qolgan.
Huquq
faoli Surat Ikromovning aytishicha Oliy Majlis qo'shma qarori shunchaki
navbatdagi rasmiyatchilik, xolos.
"Qanday
qilib qaror chiqaraverish mumkin? Qonunni o'zi ishlamasa, inson huquqlari poymol
qilinayotgan bo'lsa, rahbarlar xalq hisobiga maosh olib yaxshi sharoitda
yashasa, lekin xalq uchun hech narsa qilmasa, buni qanday tushunish mumkin? Men
O'zbekistonda biror o'zgarish bo'lishiga ishonmayman", - deydi Ikromov.
Yoshlar
faoliyati bilan shug'ullanuvchi "Faol" nodavlat tashkiloti rahbari Qobil
Xidirov Oliy Majlis qarori haqida shularni gapiradi:
"Menga
yoqqan tomoni shuki, davlat grant bergan paytda yilni oxirida qolgan mablag'ni
qaytarib topshirish lozim edi. Yangi qarorga ko'ra bu mablag' tashkilot
hisobida keyingi yilda ham qoldirilishi mumkin. Parlament komissiyasi tarkibida
deputatlar, jamoatchilik vakillari ham bo'ladi, shuning uchun buyruqboz bir
idoraga aylanmasa kerak", - deydi Xidirov.
Bir
necha yil burun mamlakatdagi ko'plab nohukumat tashkilotlar, ayniqsa so'z
erkinligini himoyalovchi, mustaqil jurnalistlarni biriktiruvchi, inson huquqlari
bilan shug'ullanuvchi guruhlar tugatilgan edi.
Keyinchalik
nohukumat tashkilotlar milliy uyushmasi tashkil etildi. Biroq sharhlovchilar
uyushmani hukumat xizmatidagi idora sifatida ko'radi. Uyushmaga ko'ra mazkur
qaror yuzasidan munosabat olish uchun yozma ravishda murojaat qilish lozim.
Hozirgi
kunda uyushma yuzdan oshiq nohukumat tashkilotlarni o'z ichiga oladi, davlat
idoralari yordamida ular faoliyati uchun grantlar taqdim etadi.
Ammo
ayrimlar jamiyatdagi og'ir muammolarni hal qilish uchun yordam olish ham tanish-bilishchilikka
borib taqaladi deydi.
"Ko'zi
ojizlar bilan ishlash juda og'ir. Ular juda kechikib maktabga borishadi. Har
doim so'roqlab turgan bolalar bor. Bir ko'zi ojiz yigitimiz kompyuter o'qitadi.
Bolalarni o'qitishga imkoniyat bo'lmagach, uning ham ishi to'xtab turibdi. Ko'zi
ojizlarni o'zlari tashabbus bilan kelishyapti. Ularni qo'llab-quvvatlash kerak,
lekin moddiy tomondan yordam yo'qligi uchun to'xtab qolgandaymiz. Bir nechta
tashkilotlarga loyiha topshirdik, lekin natijasiz. To'g'risini aytsam, bizda
grant olish uchun tanish-bilish bo'lishi kerak. Shundaylar olyapti, bu hech
kimga sir emas", - deydi nogiron bolalar reabilitatsiyasi bilan shug'ullanuvchi
tashkilot vakili.
Sharhlovchilar nazarida fuqaro jamiyatini
shakllantirishda muhim vosita – so'z va matbuot erkinligi ta'minlanmas ekan,
qaror va farmonlar bilan vaziyatni o'zgartirib bo'lmaydi. Bundan qaror
chiqaruvchi organlarning o'zlari ham yaxshi xabardor.