Butunjahaon
Yovvoyi Tabiatni Asrash jamg’armasi (World Wildlife Fund) Markaziy Osiyoda
mehnat muhojirlarining ko’payishi iqlim o’zgarishi bilan bog’liq degan xulosaga
kelgan.
Jamg’armaning Rossiyadagi muvofiqlashtiruvchisi Aleksey
Kokorin izohicha, havo haroratining 2 darajaga ko’tarilishi oqibatida mintaqada
muzliklar erishi tezlashishi bilan birga, qishloq xo’jaligi bilan band bo’lgan
aholini inqirozga keltiruvchi qurg’oqchilik ham kuzatiladi.
Bu
jarayon asosan qashhoq aholisiga ta’sir qilishi, natijada ekologik muhojirlar
qatlami yuzaga kelishi mumkin. Xalqaro insonparvarlik tashkilotlari bu
asoratlarni yumshatish uchun hozirdanoq chora-tadbirlar ko’rilishi lozim deb
ogohlantirmoqda.
“Ekosan”
xalqaro jamg’armasi rahbari Yusuf Shodimetovga ko’ra ham haroratning 2 darajaga
ko’tarilishi kutilayotgan holat.
“2020-2030
yillarga borib bu muammoning keskinligi orta boradi. Mintaqadagi harorat 2 -
2,5 darajaga ko’tarilishi mumkin. Bu jarayon ketyapti, shuning ta’sirida
qurg’oqchilik, yerni sho’rlanishi, cho’llanish, Orol dengizini qurib borishi
oqibatidagi degradatsiya - hammasi umumiy bir ekologik muammoning ko’rinishi”,
- deydi Shodimetov.
Qishloq
xo’jaligi fanlari doktori, Orol muammosi bo’yicha bir qancha tadqiqotlar qilgan
professor Rustam Razzoqovning iqlim o’zgarishi haqidagi qarashlari
boshqacharoq.
“Bu
borada aniq bir prognoz yo’q. Katta davlatlar ishlayapti. Ba’zan qarama-qarshi
xulosalar chiqayapti. Muhojirlar masalasida - biz muhojirlarni u yoqdan
ko’chishi haqida emas, Orol bo’yidagi vaziyatni yaxshilash, barqaror qilish
haqida gapiryapmiz. Chunki ming-ikki ming yil avval ham u yerda olimlar
yashagan, u paytda ham Orolning yarmi qurib ketgan”, - deydi Razzoqov.
Unga
ko’ra mamlakatda suvga va sug’orishga nisbatan munosabat o’zgartirilgan
taqdirda, 2025 yillarga borib barqarorlikka erishish mumkin.
“Shu
suv yetishi kerak. 2025-30 yillarga borib tejab ishlatilgan taqdirda, fan
yutuqlari, yangi seleksiya tizimi tadbiq qilinsa, barqaror rivojlanib 4-5
kubokilometr suvni Orol dengizi uchun ham ajratish mumkin,
ko’kalamzorlashtirish maqsadida”, - deydi professor Razzoqov.
Sharhlovchilar
mehnat muhojirlari ko’payishini asosan iqtisodiy omillar bilan, mamlakatdagi
ishsizlik bilan bog’lashadi. Hozircha bu jarayon iqlim o’zgarishiga bog’liq
degan qarashlar kam.
Ayrim
sharhlovchilar O’zbekistonda qishloq xojaligi bilan shug’ullanish aholi uchun
samarasiz qolayotganini davlat monopoliyasining mavjudligida ko’rishadi.
O’zbekistonlik
mutaxassislar mintaqada qurg’oqchilik kutilayotganini e’tirof etsa-da, bu
jaryonni yengish mumkin deydi. Buning uchun qishloq va suv xo’jaligi bo’yicha
yangi strategiya qabul qilinishi zarur.
Pofessor
Rustam Razzoqov fikricha O’zbekistonda 30-40 yil oldin asos solingan sug’orish
tizimi vaziyatni keskinlashtirish uchungina xizmat qilmoqda.
“Drenaj yaxshi ishlamasa, 10-15 metr chuqurlikda yotgan
tuzlarni eritib yer ustiga olib chiqadi. 40 yildan buyon yerni sho’ri yuviladi.
Natijada sho’rlanish ikki barobarga ko’paydi, hosildorlik ikki barobarga
kamaydi. Tahlil qilib chiqsangiz, shu tuzni yer sathiga ko’tarmasdan, o’zimizni
zaharlamasdan yangi jarayonlarni tadbiq qilish mumkin. Masalan yer-osti suvini
pasaytirish, tomchilab sug’orish. Shunda tuz qayerdan kelishi mumkin, umuman
bo’lmaydi. Isroilda drenaj degan narsani o’zi yo’q”, - deydi Razzoqov.
Mintaqada iqlim o’zgarishi asoratlari asosan suv
taqchilligi, ekologiyaning keskin buzilishi bilan kuzatiladi. Sharhlovchilarga
ko’ra Orol bo’yidagi bugungi vaziyat ekologik falokat allaqachon boshlanganidan
darak beradi.