O`zbekistonda hibsga olingan huquq himoyachilari soni ko’paymoqda. Muxolifatdagi “Erk” partiyasi vakili, “Mazlum” inson huquqlari tashkiloti
rahbari A`zam Turg`unov tovlamachilikda ayblanib, qo’lga olingan.
Faollarning
so’zlariga ko`ra, qamoqdan ozod etilgan huquq himoyachilari o`rnini boshqa
faollar egallamoqda.
Bir oz avval mustaqil jurnalist va huquq himoyachisi
Solijon Abdurahmonov hibsga olingan edi. “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari
Po`lat Oxun ham o`ziga nisbatan bosim kuchayganini aytmoqda.
Huquq himoyachisi A`zam Turg`unov uch kun burun Qoraqalpog’istonda
hibsga olingan edi.
A`zam Turg`unov fuqarolik ishida ishtirok etish uchun Qoraqalpog`istonga
borgan. Turg`unov bilan birga ishlagan advokat Rustam To`laganovning
aytishicha, huquq himoyachisini hibsga olish uyushtirilgan.
“A’zam sudga borgan, da’vogarning akasi bo`lgan, pul haqida
gap bo`lmagan, u odam uyimni sotib, sizlarga pul beraman degan, A’zam menga pul
kerak emas, ishni sudda ko`ramiz degan, shu payt da’vogar pulni olib stolga
tashlagan, orqadan kelib ushlashgan. Bu aniq uyushtirilgan narsa, Turg`unov bu
ishni qilmagan”, - deydi To’laganov.
Mahalliy faollar fikricha, Turg`unovning hibsga olinishi
tazyiqlar kuchaygani bilan bog`liq.
A`zam Turg’unov muxolifatdagi “Erk” partiyasi markaziy
kengashi a`zosi, bir necha yildan buyon “Mazlum” inson huquqlari tashkilotiga
rahbarlik qiladi.
“Erk” partiyasi faollaridan biri Dilorom Isoqovaning
aytishicha, Turg`unov so`nggi paytda inson huquqlari himoyachisi sifatida faol
harakat qilgan.
“A`zam aka avval ham, hozir ham juda aktiv edi. Albatta, u
kimgadir xalaqit berayotgan edi,” - deydi Isoqova.
So`nggi paytda bir necha faol ozod qilingan bo`lsa, yana bir
nechtasi hibsga olindi. Muxolifat vakillari vaziyat nisbatan iliqlashganini
ta`kidlay boshlashgan edi.
Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi o`rinbosari, bir
necha yil muhojirlikda yashagan Po`lat Oxunning O`zbekiston pasportini tiklash
yuzasidan sudga shikoyati qondirilmagan.
Uning aytishicha, pasport yoki domiy yashash joyi haqida
qonun ikki marta buzilgan taqdirda ma`muriy jazo bilan cheklanadi, uchinchisida
esa jinoiy javobgarlik masalasi ko`riladi.
“Menga pasport berilmayotganidan maqsad siyosiy faoliyatdan
chetlatishdir”, - deydi u.
Bu bosimlarga qaramasdan, Po`lat Oxun mamlakatda siyosiy
vaziyat yengillashganini, qamoqqa olishlar hukumat ichidagi kelishmovchilikka
bog`liqligini taxmin qiladi.
“Keskin zug’um kuzatilmaydi, 7-8 oy avval ham muxolifat
vakillarini u yoqqa borma, intervyu berma, deb doimiy qo`rquv ostida ushlab
turish siyosati bor edi. Hozir Yevropa bilan muloqot yuritayotgan Tashqi ishlar
vazirligi liniyasi va mamlakatning ichki siyosati bilan shug`ullanuvchi liniya
bor. Ana shu tashqi va ichki siyosatda kelishuv yo`qqa o`xshaydi”, - deydi
Oxun.
Dilorom Isoqova fikricha, keyingi paytlarda ayrim faollar
qamoqdan ozod qilinib, boshqalari ularning o`rniga qamalgan.
“20 yildan buyon kutayapmiz, qancha huquq himoyachilari,
qancha begunoh odamlar qamoqda o`tiribdi, ularning muddati tugagach, muddat
qo`shib berilayapti, bir kishini ozod qilib, ikkitasini qamayapti”, - deydi
Dilorom Isoqova.
Keyingi paytda inson huquqlari bo`yicha bir qator xalqaro
hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Inson huquqlari bo`yicha xalqaro konvensiya
qabul qilinganining 60 yilligini nishonlash haqida prezident farmoni e`lon
qilindi. Mahalliy matbuot inson huquqlari mavzusiga e`tibor qarata boshladi.
Muxolifat va huquq himoyachilarining aytishicha, rasmiy
hukumatning bu tashbbuslari shunchaki ko`zbo`yamachilik, mamlakatda qiynoqlar
davom etmoqda, fuqaro huquqlariga qo`yilgan cheklov olib tashlanmagan.