Turkiya Rossiya mahsulotlariga cheklov joriy etishi
mumkin. Tashqi savdo vaziri Kursad Tuzmenning aytishicha Turkiya yuk
mashinalari Rossiya chegarasida jiddiy tekshiruvlarga duch kelmoqda.
AQSh harbiy kemalari Bosfor bo'g'ozi orqali Qora
dengizga kirayotgani Rossiyaning kuchli noroziligiga sabab bo'lgan. 1936 yilda
imzolangan shartnomaga muvofiq Bosfor bo'g'ozini Turkiya nazorat qilib keladi.
NATO Qora dengizga harbiy kemalarini safarbar
etayotgani Rossiyani xavotirga solmoqda. "Xalqaro qonunlarga muvofiq ular
dengizni 21 kun ichida tark etishi shart", - deydi Rossiya rasmiylari.
AQSh harbiy kemalari Gruziyaning Batumi portiga gumanitar
yordam yetkazgan. NATOning yana 10 ga yaqin kemasi dengiz tomon yo'nalmoqda. "Nima
maqsadda", - deb so'raydi Rossiya generali Anatoliy Nogovitsyn.
Turkiya nazorat qiluvchi 32 kilometrli Bosfor
bo'g'ozi kemalarning Qora dengizga kirib-chiqishi uchun yagona yo'ldir.
"Turkiya NATOga a'zo davlat. Qo'shni Gruziya bilan
iqtisodiy va harbiy hamkorlik qiladi. Biroq Rossiyaning ham yaqin savdo
hamkori. Turkiya ehtimol mojaroda u yoki bu tomonni tanlashi kerak bo'ladi", - deya
vaziyatni izohlaydi tahlilchi Soli Ozel.
Turkiya-Rossiya o'rtasidagi savdo hajmi 10 milliard
dollarga teng. Turkiya Rossiya neft va gaziga ham muhtoj davlat ekan, o'rtaga
ko'p narsa tikilgan.
Turkiya Tashqi savdo vaziri Kursad Tuzmen taxminicha
Rossiya yangi boj to'lovlarini joriy etib, Turkiyani jazolashga urinayotgan
bo'lishi mumkin. Rasmiy Anqara bunga javoban Rossiyaning Jahon Savdo
Tashkilotiga kirishiga to'sqinlik qiladi, deydi u.
Turkiya matbuotida "Rossiya-G'arb o'rtasidagi
ziddiyatga neytral munosabatda bo'lish lozim" degan chaqiriqlar yangramoqda.