AQShda
Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Barak Obama (Barack Obama) o’z o’rinbosari
sifatida keksa va tajribali senator Jo Baydenni (Joe Biden) tanladi.
Bayden Amerika tashqi
siyosati uchun mas’ul va javobgar arboblardan biri. Amaldagi respublikachi
prezident Jorj Bushni katta xatolarda ayblab keladi. 65 yoshli senator ishchi
oilasida voyaga yetgan. Kongressga 29 yoshida saylangan.
Prezidentlikka nomzod etib ko’rsatilgan kishi avvalo o’ziga
sherik tanlaydi – vitse prezidentlik uchun. Senator Jo Bayden ma’qul topilgani
ko’pchilikni ajablantirdi, chunki Barak Obama o’zgarishlar davri keldi deb jar
solmoqda. Bayden esa keksa siyosatchi.
”Amerika yangi davr bo’sag’asida. O’zgarishlar qilmasak bo’lmaydi. Jo Baydendek
maslahatchi bilan bu mamlakatni to’g’ri yo’lga yetaklay olaman”,- deydi Obama.
Siyosatdonlar nazarida esa Jo Baydenning tanlanishi saylov natijasiga katta
ta’sir ko’rsatishi muqarrar.
AQSh prezidentlari tarixini izchil o’rgangan olim Robert Dudli fikricha Obama
respublikachi nomzod, keksa senator Jon Makkeynni yengishi uchun unga Baydendek
tajribali strateg zarur, aks holda boy beradi.
”Makkeyn bilan tenglashish uchun Obama Baydendan keng foydalana oladi. Makkeyn
va Bayden tashqi siyosat bobida juda o’tkir”,- deydi Dudli.
Jo Bayden Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi. Xalqaro masalalar bo’yicha
biror qaror uning fikri yoki quvvatlovisiz qilinmaydi. Gruziya-Rossiya orasida
urush chiqqanda vaziyatni o’rganish uchun mintaqaga safar qildi.
Baydenning yana bir ustun tomoni uning oddiy oiladan chiqqani. Amerikada bu ham
katta plyus. Ishchi-mehnatkashlar ko’ngliga yo’l topish osonroq kechadi. Bu
sinf vakillari Obamani emas, aslida Xillari Klintonni nomzodlikka ma’qul
ko’rgan edi. Obama endi ular ovozini Jo Bayden sabab ham olishi mumkin.
"Bayden qora tanli nomzodga shubha bilan qarayotgan oq tanli mehnatkashlarni
ergashtira oladigan, ularni ishontira biladigan siyosatchi",- deydi Dudli.
Jo Bayden Senatga Delaver shtatidan saylangan. 36 yildan beri bu lavozimni boy
bermay kelmoqda. Vashingtondagi siyosiy o’yinlarni yaxshi tushunadi. Senatning
Adliya qo’mitasiga ham raislik qilgan. AQSh Oliy Sudi a’zolari shu qo’mita
tomonidan tasdiqlanadi.
Jo - Jozefning qisqartmasi. Jozef 1933 yilda Pensilvaniya
shtatining Skranton shahrida tug’ilgan. 1972 yilda qonunchi sifatida
Vashingtonga keladi. Sal o’tmay baxtsiz hodisa yuz berib, xotini va qizidan
ayriladi.
"Rafiqam va qizim halok bo’lgach, ikki o’g’lim bilan yolg’iz qoldim. Ular ham
avariyada qattiq jarohatlangan edi. Singlim oilasi bilan menikiga ko’chib
kelib, bolalarimga onalik qila boshladi. O’g’illarimni tarbiylashda yordam
berdi",- deydi Bayden.
Yillar o’tib, Bayden yana oila qurdi. Rafiqasi Jill – akademik.
Jo Bayden prezidentlik uchun ikki bor harakat qilgan. Birinchi marta 1988 yilda
nomzodlik uchun kurashni birovning, britaniyalik siyosatchining, nutqini
o’g’irlaganlikda ayblanib tark etgan. Bayden Senatda ishini davom ettirdi va
o’tgan yili yana o’z nomzodini qo’yishga qaror qildi. Yana omadi chopmadi. Ovoz
yig’a olmadi.
Lekin da’vogarlar orasidagi debatlarda Bayden tashqi siyosatni o’zgartirish
kerak, dunyo ahli AQShdan norozi deya ko’pchilikni o’ziga qaratdi. Bu
munozaralarda Bayden Bush ma’muriyatini terrorga qarshi urush niqobi ostida
nafaqat Iroqni, balki islom dunyosi bilan aloqalarni vayron qilganlikda
aybladi.
"Bu siyosat mahsuli o’laroq hozir Pokiston va Afg’onistonda mo’tadil kuch
qolmadi. Hamid Karzay va Parvez Musharraf
hozir nima qilishni bilmay qolgan",- deydi Bayden.
Omma uning fikrlarini olqishlasa-da, prezidentlikka nomzod etib Baydenni emas,
oxir-oqibat Barak Obamani tanladi. Saralash musobaqalari davom etarkan, Bayden
Senatdagi idorasiga qaytdi.
Obamani boshida “aqlli, lekin yosh” deya tanqid qilgan Jo Bayden endi uning
prezidentlikka saylanishi uchun “har narsaga tayyorman” deydi.
”Qarorim to’g’ri ekanini bilaman. Amerika Qo’shma Shtatlarining bo’lajak
prezidenti Barak Obama bilan yonma-yon turganim uchun faxrlanaman”,- deydi Bayden.
Saylov 4 noyabrda o’tadi. Ungacha Obama va Baydenni qator sinovlar kutmoqda.
Raqiblar bilan yuzma-yuz bahslar, fuqarolarning bugungi ahvoldan
shikoyatu-nolalari, Amerika qay yo’ldan ketadi endi degan murakkab savollar.