AQSh janubidagi Texas va Luiziana shtatlarining suv
va vayronalar ostida qolgan shaharlarida qidiruv-qutqaruv ishlari boshlab
yuborilgan.
Hukumat "Ayk" dovuli haqida ogohlantirib, millionlab
aholini evakuatsiya qilgan bo’lsa-da, shaharlarda qolgan o’n minglab kishi
yordamga muhtoj.
AQShning to’rtinchi eng katta shahri Xyustonda
elektr ta’minoti izdan chiqqan. Sug’urta kompaniyalari hisobicha, dovuldan
ko’rilgan zarar taxminan 10-18 milliard dollarni tashkil etadi.
Suv toshqini ostida qolib ketgan va uy tomlarida jon
saqlayotgan aholiga yordam berilmoqda. Xyustonda 4 million kishi elektr tokisiz
qolgan. Asosiy xizmatlarni tiklash uchun bir necha hafta vaqt kerak, demoqda
rasmiylar.
“Hozirda jabrdiydalarga yordam berishdan muhimroq
vazifa yo’q”, - deydi Texas shtati gubernatori Rik Perri. “Dovul katta
talofat keltirishi oldindan ma’lum edi. Shtat tarixidagi eng yirik qutqaruv
operatsiyasi boshlanib, unda 8 mingga yaqin harbiy ishtirok etyapti”.
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Maykl Chertoffning
aytishicha Texasning 30 ga yaqin okrugi ofat zonasi deb e’lon qilingan. Aholiga
vertolyotlarda oziq-ovqat, dori-darmon va suv olib borilmoqda.
"Ayk" dovuli neft sanoatiga ham zarar keltirgan.
Ta’minot kamayishi yuzasidan xavotirlar ba’zi shtatlarda benzin narxini
ko’tarib yuborgan. Zararni qoplash uchun hukumat zaxiradagi qora oltinni
bozorga chiqarishga tayyor.